"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Bengal tilida o‘zbekchaga o‘xshash so‘zlar bor, urf-odatlarimiz ham o‘xshash – Bangladesh elchisi bilan suhbat

Bengal tilida o‘zbekchaga o‘xshash so‘zlar bor, urf-odatlarimiz ham o‘xshash – Bangladesh elchisi bilan suhbat

Bangladeshning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Masud Mannan O‘zbekistonda 7 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Ayni paytda uning mamlakatdagi elchilik faoliyati yakunlanish arafasida. Elchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda uzoq yillik faoliyati davomidagi tahlillari, davlatlararo munosabatlar, o‘zbek madaniyati haqidagi taassurotlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Masud Mannan suhbat boshida O‘zbekistondagi faoliyati davomida kuzatgan 3ta muhim o‘zgarishni sanadi.

“O‘zbekiston siyosatida ochiqlik paydo bo‘ldi. Masalan, men chet eldan O‘zbekistonga biznes qilish maqsadida kelsam, osonroq qoidalar bo‘lishini xohlayman. Bunga imkon paydo bo‘ldi. Shuningdek, chetdan investitsiya kiritish osonlashdi.

Siyosat ochilishi bilan O‘zbekiston boshqa davlatlar, ayniqsa, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan aloqalarini mustahkamladi. Oldingiga qaraganda bu yo‘nalishda ko‘proq ochiqlik kuzatildi.

Ikkinchi o‘zgarish esa davlat rahbarining xalqqa yaqinlashish strategiyasi hisoblanadi. U davlat amaldorlarining xalqqa yaqin bo‘lishini, xalqni hurmat qilishini xohlaydi. Bu strategiyada davlat amaldorlari xalqni boshqarishi emas, balki xalqqa xizmat qilishi kerakligi nazarda tutilgan.

Uchinchi o‘zgarish esa O‘zbekiston prezidentining qo‘shni davlatlar, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston bilan munosabatlarda muvaffaqiyatli siyosat yuritayotgani bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Afg‘onistonga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Qo‘shni davlatlarga alohida e'tibor qaratish esa O‘zbekistonning yangi xalqaro siyosatining bir qismiga aylandi. Bu men ko‘rgan uchinchi o‘zgarish”, - deydi elchi.

U O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga alohida e'tibor berilayotganiga, davlatning kommunikatsiya tizimini yaxshilashga yordam berayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bangladesh elchisi O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni ham ijobiy baholadi. O‘lim ko‘rsatkichining pastligi, qat'iy karantin davrida bozorlarda ta'minotda uzilish bo‘lmagani, narxlar yuqorilab ketmaganini e'tirof etdi.

“Boburiylar davrida juda ko‘p an'analarni o‘zlashtirganmiz”

Elchi O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi munosabatlar, uning tarixiy rivoji haqida to‘xtaldi.

“O‘zbekiston va Bangladesh munosabatlari juda chuqur tarixga ega va tez rivojlanmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur, temuriylar va boburiylar davridan boshlab bizning kuchli tarixga ega munosabatlarimiz bor. Bobur Hindiston taxtiga kelganida Bangladesh ham katta Hindistonning bir bo‘lagi edi. Boburiylar Hindistonda inglizlardan ham ko‘proq - 330 yil hukmronlik qilgan.

Bengal va o‘zbek tilida bir-biriga o‘xshash so‘zlar bor. Masalan, siz “piyoz” desangiz, bizda “piyaj” deyiladi. Yoki o‘zbek tilida “adolat” deyilsa, bengal tilida “adalat” deyiladi. O‘zbek tilida “go‘sht”, “holva” bo‘lsa, bengal tilida “go‘shto”, “halvo” ishlatiladi.

O‘zbeklar dutor chalsa, bizda dutaro chalinadi. O‘zbeklar palov pishirsa, bengallar “belyani” pishirishadi. Belyani ko‘proq go‘sht bilan tayyorlansa, palovni go‘shtli yoki go‘shsiz ham tayyorlash mumkin. Biroq ularning tayyorlanishi bir-biriga o‘xshaydi. Bu kabi o‘xshashliklar juda ko‘p. Ular Bobur Hindiston hukmdori bo‘lgan va Bangladesh Hindiston tarkibida bo‘lgan vaqtlarda o‘zlashtirilgan. Biz o‘sha paytlarda ovqatlanish, til yoki musiqadagi o‘xshash odatlarni o‘zlashtirganmiz.

Bundan tashqari, Islom dini ham O‘zbekiston va Bangladeshni bog‘lab turadi. Markaziy Osiyo, O‘zbekistonda ro‘za, zakot, namozga juda jiddiy qaralsa, Bangladeshda ham xuddi shunday. O‘zbekistonda 90-95 foizdan ko‘proq aholi musulmon bo‘lsa, Bangladeshda ham aholining 90 foizdan ko‘p qismi musulmon hisoblanadi”, - deydi elchi.

Elchi Bangladesh o‘zbek paxtasining birinchi raqamli xaridori hisoblanishini, ayni paytda bu davlat O‘zbekistonga paxtani qayta ishlash tizimini yaratishga yordam berayotgani, davlatlararo farmatsevtika mahsulotlari importi, meva-sabzavotlar eksporti loyihalari ishlayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Non sindirish marosimiga o‘xshash odat Bengaliyada ham bor...”

Ikki davlat madaniyatidagi o‘xshashliklar haqida gap ketganda esa Masud Mannan bayramlardagi va urf-odatlardagi o‘xshashliklarni sanadi.

“O‘xshash an'analarimiz juda ko‘p. Sababi, ikki davlat ham musulmon davlatlari hisoblanadi. Masalan, siz Navro‘zni nishonlasangiz, biz “Nobobosho” bayramini nishonlaymiz. Mavsumiy farqlar tufayli biz “Nobobosho” bayramini sal keyinroq, 3 hafta farq bilan 14 aprelda nishonlaymiz. “Nobobosho” bayrami uchinchi boburiy hukmdor Akbarshoh davrida boshlangan. Akbarshoh Bangladeshda yangi kalendar yilini boshlab bergan. Navro‘z va “Nobobosho” bayrami bir-biriga o‘xshash tarzda nishonlanadi. Ularning ikkalasida ham turli taomlar pishiriladi, yaqinlar ziyorat qilinadi.

To‘y marosimlarini o‘tkazishda ham o‘xshashliklar bor. Sizlarda nikohdan oldin kelinning uyiga borib non sindirilsa, bengallar shirinliklar sindirishadi. Keyin esa nikoh o‘qitiladi. Bu an'analar ham o‘xshash.

Masud Mannan o‘zbeklardagi ostonani supurib qo‘yish odatini juda yaxshi ko‘radi, mamlakatdagi rang-baranglikni qadrlaydi.

“Pandemiyadan keyin yangi normalar, yangi qadriyatlar shakllanadi. Umid qilamanki, o‘zbek xalqi bu yangi tartiblarga moslashadi. Bu yangi normalar biznes, ta'lim, innovatsiya, xalqaro hayot kabi hamma sohalarga taalluqli. Bu faqat o‘zbeklar yoki bengallarga emas, balki umumiy hayot tarziga tegishlidir”, - deydi elchi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi
Tasvirchi - Nuriddin Nursaidov

Manba: kun.uz

24.09.2020 587