"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimizning qorovullari kim?

Bu savolni ko‘pchilikka bersangiz, yelka qisib javob berishi turgan gap. Chunki tilga qorovul bo‘lish qanaqa bo‘lishini afsuski, aksariyat kishilar o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

Bizda o‘zga davlatlarga, ularning turmush sharoitlariga shunchalar havas kuchliki, oxirgi vaqtlarda o‘zimizning kim ekanligimizni ham unutib qo‘yyapmiz. Hech e’tibor berasizmi, juda ko‘p ota-onalar farzandini voyaga yetkazayotganda, unga to‘g‘ri va aniq talaffuz qilishni, til me’yorlarini buzmasdan gapirishni o‘rgatishmaydi.

Ba’zilar hattoki, bolasiga qo‘shilib bola bo‘lib ketadi. Masalan, “suv ichasanmi”, deyish o‘rniga “chuv, “umma” ichasanmi yoki “nanna” yeysanmi, deyish ota-onalar uchun odatiy hol. Bu ham mayli. Eng achinarlisi, tilimizda o‘zga millat so‘zlarini o‘z so‘zlarimizdek ishlatayotganimiz va uni farzandlar tarbiyasida qo‘llayotganimizdir. Balki siz o‘zbek tili sof emas, unda arab, fors, rus va yana boshqa millat so‘zlari azal-azaldan qorishiq holatda bo‘lgan, deb aytishingiz mumkin. To‘g‘ri, o‘tgan asrlar davomida yurtimizning boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalari ta’sirida, qolaversa, bizni mustamlaka qilgan davlatlarning bosimi tilimizga ham bevosita o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Biroq, mustaqil bo‘lib, Davlat tili haqidagi qonunni qabul qilganimizga 30 yildan oshayotgan bo‘lsa-da, bizda hali-hamon o‘sha bosim ta’siri ketgani yo‘q. Qaytanga o‘zga millatlar tilini o‘zlashtirish tobora avj olib bormoqda.

Biz qachon “karoche” so‘zini “qisqasi”, “xullas”, “voobshe” so‘zini “umuman”, “svet” so‘zini “chiroq”, “obed” so‘zini “tushlik”, “uje” so‘zini “allaqachon”, “musor” so‘zini “axlat” yoki “chiqindi” deyishga o‘rganamiz?

Bu haqda jiddiy bosh qotirish vaqti kelmadimi?! “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri, ustoz Ahmadali Shernazarov o‘z maqolalaridan birida yozganidek, oxirgi vaqtlarda “ok” so‘zini og‘zaki nutqda ham, yozmada ham ko‘p ishlatyapmiz. Oqibatda bu so‘z nutqiy odat so‘zlaridan biriga aylanib bormoqda.

Avvallari “xorosho” deyishni o‘rgangan edik. Darhaqiqat, endi esa “ok”ga o‘tib oldik. Biz o‘zi qayoqqa qarab ketmoqdamiz? Borar manzilimiz qanday? Shuni hech ong-u shuurimizda his etyapmizmi?

Hali ham do‘kon peshtaxtalari-yu umumiy ovqatlanish joylari, go‘zallik salonlari-yu korxonalar, binolar nomlari katta-katta qilib ajnabiy so‘zlari bilan jimjimador qilib bezatilgan.

Fotosuratlarda ko‘rib turganingiz poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Beruniy” ko‘chasida turnaqatordek tizilgan inshootlar peshtaxtalari ham rus, ingliz so‘zlariga to‘lib ketgan.

Bu birgina ko‘cha misolida. Hali eheye... bunaqa ko‘chalar har bir qadamingizda uchraydi. Tadbirkorlar erkin, ular uchun demokratiya amal qiladi, deylik. Biroq mening fikrimcha, ularning korxona va do‘konlariga yuridik nom berishini faqat o‘zbek tili so‘zlari bilan cheklab qo‘yish zarur.

Ana shundagina bizning chet mamlakatlarga qilayotgan taqlidona xatti-harakatlarimiz kamayadi. O‘zimizga qaytishni boshlaymiz. Demokratik mamlakatni milliy an’analarimizga sodiq bo‘lgan holda quramiz. So‘zim avvalida qayd etib o‘tganimdek, bu ishda ota-onalarning ham hissasi katta.

Mehriniso BOBONAZAROVA,

Jurnalist

24.03.2020 553