"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tili ilk marta yangragan sessiya

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiya­sidagi chiqishi, yuksak minbarda turib ona tilimizda ma'ruza qilishi barchamizning qalbimizni g‘ururga to‘ldirdi. Vatanimiz tarixida bunday yuksak minbarda o‘zbek tili, “Navoiy tili” hech qachon yangramagan edi. Yangi ­O‘zbekiston rahbarining eng nufuzli xalqaro anjumanda o‘zbek tilida ma'ruza qilishi ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 31 yilligiga munosib tuhfa bo‘libgina qolmay, tilimizga davlat darajasida e'tibor qarati­layotganining dalolati bo‘ldi.

O‘zbek tilida so‘zlangan nutqning jarangi, ohang va jozibasi har bir vatandoshimiz qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishladi.

Ma'ruzani OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tomosha qildi, tingladi.

Bu tarixiy voqea ona tilimizga bo‘lgan cheksiz hurmat, milliyligimizni, o‘zligimizni qadrlashga bo‘lgan yuksak ehtirom belgisidir.

Hozirgi paytda O‘zbekistonning “Davlat tili haqida”gi qonunini takomillashtirish, uning yangi tahririni tayyorlash yuzasidan ish olib borilmoqda, 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni deb e'lon qilingan va uni keng nishonlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari jadal bormoqda. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgan va bu departament samarali faoliyat ko‘rsatayotgani e'tiborlidir.

Prezidentimiz o‘z nutqida bugun dunyoga xavf solayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi O‘zbekiston olib borayotgan kurash mavzusidan tashqari, yangi O‘zbekistonda OAV ochiqligi, gender tenglik, majburiy va bolalar mehnatini tugatish, inson huquqlari, kambag‘allikka qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda katta natijaga erishilayotgani haqida dunyo jamoatchiligini xabardor etdi. Mamnuniyat bilan aytish lozimki, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining tamomila yangi bosqichini boshidan kechirmoqda, istisnosiz barcha ­sohalardagi ko‘lamli islohotlar o‘zining naqd natijalarini ko‘rsatmoqda. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida olg‘a borayotgan yurtimizning mintaqada ham, dunyoda ham alohida o‘rni tobora kengroq e'tirof etilmoqda. Shuning uchun ham “yangi O‘zbekiston” degan ibora urfga kirdi, shubhasizki, ana shunday sur'atli va samarali islohotlar mazkur istilohning zaminidir. Davlatimiz rahbari muazzam xalqaro majlisda yangi O‘zbekistonning orzu-niyatlari, bugun butun insoniyat oldida turgan muammolarning yechimlari borasidagi nuqtai nazarlarini o‘zbek tilida aytib berdi.

Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, BMT Bosh Assambleyasining bu yilgi 75-sessiyasi ham o‘zgacha tarzda, ya'ni onlayn shaklida o‘tkazilmoqda. Ko‘rib turganimizdek, pandemiya sharoiti eng nufuzli anjumanlar ishiga ham ta'sir qildi. Bu esa shunday muhim tadbirlarning ham hozirgi sharoitga moslashishi lozimligini taqozo etadi. Mazkur yubiley sessiyaning kun tartibi juda keng qamrovli ekaniga e'tibor qaratish lozim.

Xususan, unda “COVID-19”ga qarshi hamjihatlikda kurashish, mintaqaviy xavfsizlik, inson huquqlari, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, terrorizmga qarshi kurashish, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish, iqtisodiy hamkorlik, ekologiya muammolari va boshqa masalalar muhokama qilinmoqda.

Xullas, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan barcha tashabbuslar inson manfaatlariga, ularning huquqlarini himoya qilishga, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xalqaro maydonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish maqsadlariga xizmat qiladi.


Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV, 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari


("O‘zbekiston" gazetasi, 2020 yil 24 sentyabr, 183-son)

25.09.2020 851