"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilim jarangi yuqori minbarlar uzra yangradi

Xalqimiz, dunyo hamjamiyatining yurtimizga va xalqimizga befarq bo‘lmagan qatlami hamda qardoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning joriy yil 23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi munozaralarida BMTning 6 ta rasmiy tillaridan birida emas, balki o‘zbek tilidagi chiqishi bilan ishtirok etishini intizorlik bilan kutayotgan edi.

Bu haqdagi xabar tarqalgani zahoti, dunyoda umrguzaronlik qilayotgan 50 milliondan ortiq o‘zbek millatiga mansub kishilarda, shuningdek 200 milliondan ortiq o‘zbek va turkiy tillarda so‘zlashadigan vatandoshlar va qardoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tilimizning bugungi kundagi xalqaro mavqeyiga qaraydigan bo‘lsak, rasmiy til maqomiga ega 200 ga yaqin davlat yoki dunyo tillari qatorida jahon aholisining yirik qismi so‘zlashadigan 40 ta tillardan biri sifatida barqaror o‘rin tutgan. O‘zbek tilshunos olimi A.Abduazizovning tadqiqotlari natijasiga ko‘ra tilimiz mazkur ro‘yxatda 34-o‘rinni egallagan.

Chiqishning tarixiy ahamiyati shundaki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilgani va unga O‘zbekiston a'zo bo‘lib kirgandan buyon ilk bor tashkilot minbaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazmundor, boy va keng qamrovli o‘zbek tilidagi nutqi yangradi. Bu BMT va mustaqil O‘zbekistonimiz tarixi solnomalarida zarhal harflar bilan bitilishi shubhasiz albatta.

Nutqdagi teran ma'noli so‘zlar va iboralar uyg‘unligi jozibador Ona tilimizning buyukligi, boyligi, betakrorligi va o‘ziga xos fazilatlarini dunyo hamjamiyatiga yanada kengroq tarannum etdi desam adashmayman.

Prezidentimiz eng yuksak minbardan turib o‘z Ona tilidagi nutqi bilan, “o‘zbek tilini dunyo tillari globallashuv jarayonida yuqori nufuzga ega “katta” tillarning ta'siri va qamrovidan kishilarga yaxshi so‘z bilan ta'sir eta bilish san'ati orqali shiddat bilan olib chiqdi” deyishga to‘la haqlimiz.

Bu YUNESKO tomonidan dunyoda tillar jozibadorligini saqlab qolishga dolzarb muammo sifatida qaralib, belgilangan bir talay xalqaro tadbirlar, xususan 21-fevral – Xalqaro ona tili bayrami sifatida xalqaro miqyosda nishonlanishi hamda BMT Bosh Assambleyasining 2018-yilni “Xalqaro tillar yili” deb e'lon qilishi bilan bevosita bog‘liqdir.

Sabr baxtga yetaklaydi deganlaridek, Prezidentimizning mazkur chiqishi bilan o‘zbek tili o‘zining ko‘p qadimiy mashaqqatli rivojlanish bosqichlarida qiyinchiliklar bilan bo‘lsada to‘lib-toshib, o‘zining muomala-muloqot tili, davlat tili, rasmiy til va diplomatik til darajasiga ko‘tarilganligini to‘laqonli isbotlab berdi.

Mazkur chiqish yurtimizda keng nishonlanishi kutilayotgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 31 yilligi va ilk bora nishonlanayotgan “O‘zbek tili kuni” bayramiga katta tuhfa bo‘ldi.

Yuksak minbarda o‘zbek tilining jaranglashi ozodlik, obodlik, tinchlik-osoyishtalik, tilimiz ravnaqi yo‘lida jon olib, jon bergan, qon kechgan, qatag‘on qilingan, qahramonlik ko‘rsatgan, har qanday sharoitda ham o‘zlarining mustaqil fikrini ayta olgan buyuk mutafakkir bobolarimiz Mahmud Qoshg‘ariy, Ahmad Yugnakiy, Xo‘ja Ahmad Yassaviy, Zamahshariy, Amir Temur, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Navoiy, Bobur, Alixonto‘ra Sog‘uniy, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, jadidchi ma'rifatparvarlar, mustabid davrda yashab o‘tgan Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad, Ozod Sharofiddinov va mustaqilligimiz kuychilari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuflar orzularining ro‘yobga chiqqanidir.

Hech kimga sir emaski, bugun mana shu muqaddas tilni, zamin va tuproqlarni bizga Vatan, qadriyat, bebaho boylik sifatida qoldirgan ajdodlarimizning, milliy qahramonlarimizning ruhlari shod bo‘lmoqda. Jannatmakon yurtimizda inson hamda unutilib ketgan ayrim qadriyatlarimiz yana qadr topmoqda, barcha ezgu va xayrli ishlar yurtdoshlarimizni, qo‘shnilarimizni hamda dunyo xalqlarining baxtli yashashiga, dunyoda azizu mukarram bo‘lishiga qaratilmoqda.

Zotan, bugungi tahlikali zamonda va globallashuv sharoitida ona tilini e'zozlash, uni hurmatini joyiga qo‘yish, vatanparvar ajdodlar ruhlarini shod qilishga, ularga loyiq izdoshlik va munosib davomchilik borasida barchamizga muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev o‘rnak
va ibrat namunasi bo‘lib kelayotganiga yetarli asoslar mavjud. Bunday sharafli, lekin mashaqqatli ishlarga talabchanlik bilan Parlament
va hukumatni ham jadallik bilan harakat qilishga undamoqda.

Prezidentimiz xalqimizning xohish irodasi bilan o‘z vazifasiga kirishgan birinchi kundan, eng asosiy e'tiborini Ona tilimizning ravnaq topishiga, uning to‘laqonli rivojlanishi, amaliy o‘rnini yuksalishi va xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish borasida salmoqli ishlarga qaratdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 10-aprelda imzolangan O‘RQ-615-son Qonunga ko‘ra 21-oktabr – “O‘zbek tili kuni” bayrami deb e'lon qilindi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5850-son Farmoni davlat til siyosatining jadallashuviga sabab bo‘ldi.

Farmon asosida hukumat qarori bilan vazirlik, idoralar va hokimliklarda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini joriy etilishi, qolaversa Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish Departamenti faoliyat boshlashi Ona tilimizning davlat tili va siyosiy til darajasini yuksaltirdi.

Davlatimiz rahbari xorijdagi elchining o‘zbek tilini bilishini mamlakat obro‘sini belgilaydigan asosiy mezon sifatida e'tirof etib, “O‘zbekistonning chet eldagi elchisi bo‘lsa-yu, o‘zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?” degan so‘zlari tilimizning xalqaro nufuzini oshirishga ishtiyoqi balandligi hamda davlatimizning til siyosatining qay darajada mustahkam ekanligidan dalolatdir.

Bularga javoban mezbon yoki mehmon davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlarining, yurtimizdagi xorijiy davlatlar qator elchilarining va boshqa nufuzli shaxslarning o‘zbek tilida so‘zlashi, milliy adabiyotimiz namoyondalarining ijodlaridan namunalarni yoddan aytib berishi bunga yaqqol misoldir.

2020-yil 10-aprelda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman tarzidagi sammitida yurtboshimizning nutqi sof o‘zbek tilida bayon qilindi.

Hindistonga tashrif davomida “Jo‘shqin Gujarat” sammiti doirasida ham o‘zbek tilida nutq so‘zladilar.

Toshkent shahrida Afg‘oniston muammolariga bag‘ishlangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada o‘zbek tili siyosat tili sifatida qo‘llanildi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini ko‘tarishiga, imijini yaxshilashiga, faol mintaqaviy o‘yinchi sifatidagi pozitsiyasini belgilab berishga xizmat qildi.

Yana meni ilhomlantirgan bitta tadbir, davlatimiz rahbarining Turkiyaga tashrifi doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti kutubxona majmuasining ochilish marosimida qatnashgani bo‘ldi. Unda davlatimiz rahbari Faxriy mehmonlar kitobiga kutubxonaning ilk mehmoni sifatida esdalik bitigini o‘zbek tilida yozganligi va bitiklarni televideniye orqali ko‘rsatilganidan beqiyos faxrlandim.

Kecha BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi yubiley sessiyasidagi Prezidentimizning o‘zbek tilidagi nutqini tinglab, o‘zbek xalqining oddiy vakili, davlat xizmatchisi sifatida shu zaminda tug‘ilganimdan, o‘zbek millatiga mansubligim, shu xalqning vakili ekanligimdan, tinch-osoyishta zamonda Prezidentimiz bilan zamondosh bo‘lib yashayotganligimdan, qolaversa davlat tilini rivojlantirish sohasida faoliyat yuritayotganimdan yanada o‘zimda faxr va iftixor tuyg‘usini his qildim.

Bularning barchasi o‘zimda, mehnat jamoam a'zolarida, ko‘p ming sonli bojxonachilarda, shogirdlarimda va farzandlarimda Vatanga, xalqqa va Ona tiliga muhabbat, burchga va qadriyatlarga sodiqlik, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilishiga ishonchim komil.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning “O‘zbek tilim” she'ridan iqtibos keltirishni lozim topdim:

Sen tuganmas chashmadirsan, oh, ona tilim,

yetmish ikki tomirimga mavjlaring bordi.

Bir kun tinib qolgan edi bog‘da bulbulim,

- Sandulochim! –degan edim sayrab yubordi.

Kim bo‘lishidan qat'iy nazar har bir O‘zbekiston fuqarosi Prezidentimizdan o‘rnak olgan holda o‘zining sa'y-harakatlari bilan xalqimizning mustahkam irodasini ifoda etib, uning ruhi, bebaho ma'naviy mulki bo‘lgan tilimizning ravnaq topishiga, xalqaro maydondagi nufuzini ko‘tarilishiga xizmat qilishi ham farz, ham qarz.

O‘z ona tilini e'zozlash, sevish vatanparvarlik va millatparvarlikning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib, uning zamirida o‘zlikni anglash, ya'ni ota-ona, xalq, ustozu pirlar bergan nom, ilm-tarbiya va Ona tiliga hurmat yotadi. Vatanparvarlik, millatparvarlikni balandparvoz gaplar, g‘urur yoki yutuqlarni olqishlash bilan isbotlash kerak emas. Balki, ona tilini boshqa tillar ta'siridan muhofaza qilish, istilohlarni o‘zbekchalashtirish, muloqotlarni Ona tilida olib borish, nutqda tilning jozibadorligini ko‘rsatadigan, nufuzini oshiradigan so‘zlarni ishlatish orqali hissa qo‘shish kerak.

Har bir fuqaro qanday davrada bo‘lmasin imkon darajasida o‘z davlat tilida muloqot qilishni, ish yuritishni hattoki diplomatik aloqalarni amalga oshirishni millatga hurmat, ajdodlarimizga ehtirom, kelajakka umid, kerak bo‘lsa muqaddas ibodat o‘rnida qabul qilishi bilan isbotlashi muhim.

Alisher Navoiy bu masalada barchaga o‘rnak bo‘lib, o‘zbek tilining imkoniyatlarini nihoyatda ustalik bilan samarali qo‘llagan bo‘lsa, Amir Temur saltanatida ish yuritish, diplomatik va siyosat tili ham ona tili – eski o‘zbek tilida olib borilganligiga tarixning o‘zi guvoh. Sohibqiron Amir Temurning harbiy inqilobiy yurishlari orqali dunyoning ko‘p davlatlariga xalqimizga mansub madaniy qadriyatlar, urf-odatlar, turkiy adabiyotlar, til va lahjalar kirib borgan. Bunday oqilona til siyosati amalga oshirilishi, natijada ilm-fan, adabiyot va san'at, tashqi savdo aloqalari, sayyohlik rivojlanishi orqali tilimiz gullab yashnadi.

Bugungi tahlikali zamonda va globallashuv sharoitida ona tilini e'zozlash, uni hurmatini joyiga qo‘yishda, davlat siyosati darajasiga ko‘tarishda Prezidentimiz Sh.Mirziyoev bobolarimizning munosib davomchisi sifatida jasorat va mardlik ila tinmasdan harakat qilmoqda.

Xalq ruhi bo‘lgan Ona tilimizda tashabbus va takliflar kiritib, dunyo hamjamiyati va davlatlarini hamjihatlikka chorlab, tinchlikka yo‘g‘rilgan inqilobiy o‘zgarishlar qilmoqda. Har qanday xavf-xatarlar bilan kurashishda O‘zbekistonning har tomonlama tayyor ekanligiga ishora qilmoqda. O‘zbekistonning siyosiy maydondagi o‘rni naqadar muhimligini xalqaro maydonda e'tirof etmoqda.

Yurtyuoshimiz o‘z nutqida BMT Bosh Assambleyasining markaziy tadbirida xalqaro hamjamiyat e'tiboriga koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib o‘tish bilan bog‘liq jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyatdan tortib, mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar, O‘zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

Mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammolari ko‘tarildi.

Qaysidir ma'noda xalqaro hamjamiyat va davlatlar tomonidan kam e'tibor berilib kelgan qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish kabi masalalar o‘zbekona fikrlar orqali ochiq va oshkora tarzda yoritildi.

Yuqorida ta'kidlangan muammolarni konstruktiv muloqotlarni kengaytirish yo‘li bilangina zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surish yo‘l orqali hal etish yuzasidan aniq va ravshan takliflar kiritildi.

Davlat rahbarimiz kiritgan takliflar va ko‘targan tashabbuslarning “issiqligi”dayoq xalqaro ekspertlar, siyosatdonlar, ayrim davlat rahbarlari, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligi esa respublikamiz fuqarolarining har birida faxr va iftixor tuyg‘usini yuzaga keltirishi sir emas.

Ayniqsa, Afg‘oniston milliy islomiy harakati asoschisi, Afg‘oniston o‘zbeklari rahbari Marshal Abdul Rashid Do‘stum va Afg‘oniston Islom Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Ahmad Holid Elmiylarning fikricha bu nutq nafaqat 34 millionlik O‘zbekiston ahlini, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afg‘onistondagi o‘zbeklarni ham chin ma'noda g‘ururlantirgan, Afg‘oniston o‘zbeklari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yuksak minbardagi chiqishini tuy-tantana sifatida qabul qilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur chiqish davlatimiz rahbarining
2017
-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ham qator muhim taklif va fikr-mulohazalarining mantiqiy davomi deyishga to‘la haqlimiz.

Chunonchi, Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ko‘rilgan masalalar doirasida o‘tgan davrda O‘zbekistonning tashabbusi bilan bir qancha olamshumul tadbirlar va anjumanlar o‘tkazildi.

2018-yil 27-martda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.

2018-yil 22-iyunda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi yakunlariga ko‘ra BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi qabul qilindi.

2018-yil 27-noyabrda bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri — Orol halokati oqibatlarini bartaraf etishga doir Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solindi va tashkil etildi.

Barchaning ta'lim olish huquqini ta'minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishni ko‘zda tutuvchi BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” haqidagi rezolyusiyasi 2018-yil 12-dekabrda qabul qilindi.

Eng e'tiborlisi, dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otgan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya loyihasi ishlab chiqilib, u 2020-yil 12-13-avgust inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Samarqand veb-forumida muhokama qilindi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida tashkil etilgan yangi formatdagi Bosh Assambleyaning yetmish beshinchi sessiyasidagi O‘zbekiston tashabbusi Prezidentimizning uzoqni ko‘radigan dono rahbar, mohir notiq, yetuk siyosatdon ekanligini yana bir bor namoyon etdi.

Prezidentimiz insoniyat oldidagi har qanday ofat-kulfatlar, muammolarni hal qilishda yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘zaro muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini ta'kidlab o‘tdi.

Nutqda BMT ning vazifalari va vakolatlari bilan bog‘liq barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o‘zbek tilida bitilgan muammolar va ular yuzasidan yechimlarni belgilovchi tashabbus va takliflar BMT tuzilmalari va xalqaro hamjamiyatni bosh qotirishiga sabab bo‘ldi.

Umid qilamanki, mazkur nutqda ko‘tarilgan muammo, tashabbus va takliflar xalqaro miqyosda ko‘p rezonans berib, ular doirasida qator xalqaro anjumanlar va xalqaro darjadagi muhokama-munozaralarga sabab bo‘ladi. Xalqimizning boy qadriyatlari va bag‘rikenglik xislatlarini anglab yetishga sabab bo‘ladi.

Shulardan asosan, adolatli global tizimni birgalikda yaratish maqsadida hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining sa'y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas'uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish taklif qilindi.

Har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta'minlash nuqtai nazaridan har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks ettiradigan BMT shafeligidagi Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklif etildi.

Shuning davomi sifatida inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan BMT sammitini o‘tkazish bo‘yicha taklif ma'qullandi.

O‘zbekistonning qat'iy tub islohotlar doirasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida shakllanayotgan yangi O‘zbekistondagi yangicha Parlament saylovlari, aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta'siri oshganligi, gender tenglik siyosati, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni, Parlamentda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘payganligi g‘urur bilan bayon qilindi.

Inson huquqlari sohasidagi holat, xususan diniy erkinlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlanganligi, majburiy bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganligi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilinganligi, BMTning fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berilganligi ta'kidlandi.

Sud-huquq sohasida ham sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta'minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar davom etayotganligi, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarilganligi aytib o‘tildi.

Iqtisodiy islohotlar natijasida tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali kambag‘allikni kamaytirish, qashshoqlikni tugatish yoritildi.

Qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish taklif etildi.

Aholining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan respublikamizda har bir yoshning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqiriq tashlandi.

Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklif etildi.

Mintaqa davlatlarining sinovli kunlarda bir-birini yolg‘iz qoldirmasdan, o‘zaro yelkadosh bo‘lgan holda davlatlararo yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratish maqsadida mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta'minlash uchun BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklif etildi.

Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash sohasida BMTning Global antiterror strategiyasi doirasida Mintaqaviy qo‘shma rejaning
10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish, shuningdek 2021
-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazish masalasi ko‘tarildi.

Qo‘shni Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilish muhimligi, Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasida ko‘tarilgan afg‘on muammosini yechish masalasini tinchlik bilan hal etish, jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga chaqirildi.

Iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afg‘onistonni keng jalb etish maqsadida “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Afg‘on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida BMT huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish taklifi kiritildi.

Global iqlim o‘zgarishlar tufayli Markaziy Osiyo taraqqiyotiga katta xavf tug‘dirayotganligi, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish, hujjat tasdiqlangan sanani “Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni” sifatida nishonlash yuzasidan asosli fikrlar bildirildi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasidagi tarixiy ahamiyatga ega chiqishi, ko‘targan tashabbus, bildirgan takliflari sessiya ishtirokchilari, a'zo davlatlarning siyosatchilari, xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda xalqimiz, millatdoshlarimiz, qardoshlarimiz tomonidan katta qiziqish, chuqur mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Nutqda ko‘tarilgan masalalarning oilalar, mehnat jamoalari, davlat idoralari, siyosiy maydonlarda, ijtimoiy tarmoqlarda va keng omma o‘rtasida, hatto xorijda ham qizg‘in muhokama qilinayotganligi e'tiborga sazovordir.

Shunday ekan, barchamiz mazkur nutq va unda ko‘tarilgan g‘oyalarni chuqur va puxta o‘rganishimiz, o‘zimiz va mehnat jamoamiz oldidagi dolzarb vazifalarni belgilab olishimiz, nutqdan ta'lim-tarbiya jarayonlarida keng foydalanishimiz, fuqarolik pozitsiyamiz, insoniylik burchimizdan kelib chiqib, kiritilgan tashabbus-takliflarni keng targ‘ib qilishimiz maqsadga muvofiq.

Jaranging boqiy bo‘lsin, aziz ona tilim!


Habibulla Azizov

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi

raisining maslahatchisi


29.09.2020 1306