"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL HAMISHA HIMOYAGA MUHTOJ

Til ijtimoiy aloqa vositasi sifatida inson va jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyo tillari esa taʼlim va taraqqiyotning rivojlanish tendensiyasida o‘ziga xos o‘rin tutib, bashariyat uchun birlamchi strategik unsurdir. Insoniyat zabon orqali fikrini ifoda etadi, faoliyat yuritadi hamda olamni taniydi. O‘z o‘rnida til vositasida maʼlumot almashinuvi hosil bo‘ladi. Ming afsuski, bugun mana shu maʼlumot almashinuvi vositasining o‘zi qaysi bir maʼnoda himoyaga muhtoj. Globallashuv asrining shiddati barcha soha va munosabatlarda aks etgani kabi, til maʼnaviyatiga ham taʼsirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Buning natijasida esa dunyo tillari yaxshigina tahdid ostida qolmoqda. Tillarda ko‘payish surʼatining pasayishi, ulardagi xilma-xillikning tobora yo‘q bo‘lib ketayotganligi, isteʼmolimizdagi sof tilning boshqa tillar taʼsirida aralashib, maʼnoviy buzilishga uchrayotgani fikrimizning tasdig‘idir. Texnika asrining rivoji insoniyatning ko‘p og‘irini yengillatishga xizmat qilgani rost. Ammo, uning bashariyat maʼnaviyatining bir bo‘lagiga rahna solayotgani yashirib bo‘lmas haqiqatdir.


Avvallari insonlar xatni qo‘lda, bexato yozishga harakat qilishardi. Hozir esa oting o‘rgilsin “sms” bu ishimizni anchagina osonlashtirdi. Endi ham vaqtdan, ham qog‘oz, qalamdan tejaydigan bo‘ldik. Ammo, shoshma-shosharlikka yo‘yib, zamonaviy axborot almashinuvi “sms-chat”ni yaratdik. Natijada harf va so‘zlarni turli raqam va belgilar yordamida ifodalashni “o‘rganib” oldik. Oramizda bu borada yaxshigina savodsizlik kasaliga chalinganlar ham yo‘q emas. Endilikda  insoniy tuyg‘ular, urf-odatlar, xotira, fikrlash singari munosabatlarni ifodalashning noyob usullari qimmatli manbaga aylanib ulgurdi.  Vaholanki, ular aslida hayotimizning, kundalik turmush tarzimizning asl mohiyatini tashkil qilishi kerak edi.


Maʼlumotlarga qaraganda dunyo aholisi so‘zlashadigan tillarning 43 foizi xilma-xilligining buzilishi jihatidan xavf ostida. Sir emas, jamiyatlar o‘z tillari orqali mavjud bo‘lib, ular shuning ortidan anʼanaviy bilim hamda tarixiy madaniyatlarini saqlab kelishgan. Tillarda xalq og‘zaki ijodining tarixiy haqiqatan so‘zlovchi qahramonlari haqidagi, millatning bor bo‘lishiga hissa qo‘shgan pahlavonlar to‘g‘risidagi hikoyalar yaratilgan va ular asrlar osha yashab kelmoqda. Bevosita millat taqdiriga daxldor voqea va hodisalar ham aynan til yordamida tarixga muhrlanib qoladi. Ana shunday muhim strategik vazifalarni bajargan dunyo tillarini saqlab qolish, madaniy, intellektual merosning yo‘q bo‘lib ketish xavfini kamaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) tomonidan 1999-yil noyabrda “21-fevral – Xalqaro ona tili kuni” deb eʼlon qilindi. 2000-yildan buyon nishonlanib kelinayotgan Xalqaro ona tili kuni mana 20 yildirki, dunyoda tillarga bo‘lgan eʼtibor va hurmatning ramziy maʼnosini ifodalab keladi.


Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasi 2007-yilda aʼzo davlatlarni dunyo xalqlari foydalanadigan barcha tillarni saqlash va himoya qilishga ko‘maklashishga chaqirdi. Aynan shundan so‘ng, ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli bo‘lish orqali xilma-xillik hamda xalqaro tushunishda birlikni targ‘ib qilish maqsadida 2008 yilni Xalqaro tillar yili deb eʼlon qildi.


Ko‘rish mumkinki, dunyo tillarini globallashuv tahdidlaridan himoya qilish nafaqat bir millat yoki davlat, balki bugun dunyo oldida turgan muhim va dolzarb vazifalardan biridir. Qolaversa, hozirgi kunda tilshunoslik atamalari ichida ommalashgan “Til ekologiyasi” tushunchasi ham aynan dunyo tillari va ularning kelib chiqish oilalariyu tarkibiy qismlarini saqlashga qaratilgan. Yaʼni, mazmunan buzilayotgan so‘zlarning asl mohiyatini saqlab qolish, shuningdek ularni so‘zlashuv isteʼmoliga kiritishni nazarda tutadi.


Til har bir millat yoki davlatning ramziy belgilaridan biri, asosiy so‘zlashuv vositasidir. U mavhum narsa emasdirki, unga befarq qaralsa. Vaholanki, o‘rni kelganda mavhum tushunchalar haqida ham o‘ylaymizu, ammo til masalasida tan olish kerak, ancha befarqmiz. O‘zbek tili dunyo tillari orasida nafaqat rasmiy til maqomiga ega ekanligi bilan balki, “Navoiy tili” sifatida ham ancha mashhur. Yaqinda Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marta o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi esa ona tilimizning nufuzi va mavqeyini yanada oshirdi. Bundan tashqari, Nyu-Yorkda ochilgan o‘zbek maktabi dunyo ahlining o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishini qayta uyg‘otdi. Boisi, mazkur maktabda darslar o‘zbek tilida olib boriladi.


Bugun ko‘chalarni biroz piyoda keza turib, xorijiy tillarni o‘rgatish markazlari qoshida “Chet tillarini mukammal o‘rgatamiz” deb yozilgan reklama banneridagi son bilan sanagulik xatolarni ko‘rib, dilingiz ranjiydi. Avval o‘zbek tilini yaxshilab o‘rganing, keyin chet tillarini mukammal o‘rgatasiz, degingiz keladi. Shunda o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, - degan fikrlari naqadar asosli ekanligini o‘ylab qolaman.


Til – millat borligining, inson tafakkurining, dunyoqarashining muhim belgisi. Uni o‘z holicha asrab-avaylash, unga hurmat ko‘rsatish barchamizning vazifamizdir. Zero, til bor ekan, millat barhayot.


Feruza AXMEDOVA,

Shahrisabz shahar hokimining maslahatchisi

29.09.2020 915