"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘ZBEK TILINING XALQARO TARG‘IBOTCHISI

Bundan yigirma yil oldin Samarqand davlat universiteti talabasi bo‘lganimda bir ustozning maʼruzalari menga kuchli taʼsir qilgan. U kishi boshqa professor-o‘qituvchilardan kiyinishi, nutq so‘zlashi, dars berish uslubi bilan ajralib turar edi. U o‘zbek tilining haqiqiy bilimdoni va  jonkuyari ekanligi ikki og‘iz gapidan talabaning qaysi sheva, qaysi lahja va qaysi urug‘danligigacha aytib bera olishidan maʼlum bo‘lgan. Bu olim – filologiya fanlari  doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov edi.


Olim o‘zbek tilini ko‘p yillardan buyon dunyo miqyosida o‘qitib keladi. Jumladan, 1999-2000-yillarda Busan Chet tillar universitetida (Janubiy Koreya), 2003-2005-yillarda Berlin Gumboldt va  Berlin Frey universitetlarida (Germaniya), 2007-2010-yillarda Osaka universitetida (Yaponiya), 2010-2014-yillarda Mug‘la Sitki Kochman universitetida (Turkiya Respublikasi) professor lavozimida ishlagan. U chet elliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish va tilimiz hamda madaniyatimizni dunyoga tanitishda katta ishlarni amalga oshirgan, jumladan, J.Eltazarov Yaponiya universitetlari uchun “Uzubekugo bumpou kaiwa niyuumon”  (“O‘zbek tilining boshlang‘ich kursi. Grammatika va matnlar”) hamda Turkiya Respublikasi universitetlari uchun “Özbekçe öğreniyoruz. Gramer kuralları. Diyaloglar. Alıştırmalar. Metinler. Tablolar. Sözlük” (O‘zbekcha o‘rganamiz. Grammatika qoidalari. Dialoglar. Mashqlar. Matnlar. Lug‘at”) darsliklarini tayyorlab nashr ettirgan. Bundan tashqari olim tomonidan “O‘zbekcha-yaponcha -inglizcha lug‘at”, “O‘zbekcha-yaponcha-inglizcha so‘zlashgich”, “O‘zbekcha o‘qish kitobi” tayyorlanib nashr ettirilgan bo‘lib, bu darslik va o‘quv qo‘llanmalari Osaka universiteti, Tokio Chet tillari universiteti, Kioto Universiteti, Kobe universiteti kabi mashhur universitetlarning o‘quv axborot-resurs fondidan doimiy joy olgan.


J.Eltazarov xorijdagi o‘zbeklar jamoasi uchun “Turkiston olimlari” kitobini turk tilida tayyorlab nashr ettirgan va bu kitob ona-yurtimizdan yetishib chiqqan al-Farobiy, al-Farg‘oniy, al-Xorazmiy, al-Beruniy, ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi olimlar, Xoja Ahmad Yassaviy, Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi shoir va mutafakkirlar, Jaloliddin Manguberdi,  Amir Temur, Abulg‘ozi Bahodirxon kabi lashkarboshi va davlat arboblari haqida atroflicha maʼlumotlar berilgan. Xorijdagi o‘zbek jamiyatlari talabiga ko‘ra bu kitob bir necha marta nashr etilgan.


J.Eltazarov 2017-2019-yillarda Samarqand davlat universiteti va Turkiya Respublikasining Istanbul, Mug‘la, Marmara, OSTIM, Afyon universitetlari, Yaponiyaning Osaka, Janubiy Koreya Respublikasining Busan universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari asosida hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha qator yo‘nalishlarda taʼlim dasturlarini tuzib, universitetda joriy etmoqda.


Eltazarov J.D. – poliglot-olim. U rus, ingliz, turk, fors, uyg‘ur, koreys, yapon, qozoq, tojik, kurd tillarida erkin so‘zlashadi.


J.Eltazarov  Jahon O‘rta Sharq tadqiqotlari Kongressi (WOCMES), AQSHdagi Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari Jamiyati, Yaponiyadagi Tiyonshan tadqiqotlari jamiyati, Turk tili jamiyatining (TDK) aʼzosidir. Turkiya Respublikasida chiqadigan  Uluslararası Türk Lehçe Araştırmaları Dergisi (TÜRKLAD);  Akademik Tarih ve Düşünce Dergisi (ATDD) xalqaro ilmiy jurnallarning redaksion hayʼat aʼzosi.


Bevosita J. Eltazarovning tashabbusi  va uning rahbarligida  Turkiya Respublikasi Hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligining (TIKA) “Kompyuterlashtirilgan til o‘qitish laboratoriyasini barpo etish” (2017), O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Akademik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash fondining № AIF-2/13-«O‘zbekiston OTMlari o‘qituvchilari faoliyatini baholash» kabi (2019-yildan hozirgi kunga qadar) ilmiy grantlar qo‘lga kiritilgan.


J.Eltazarov rahbarligida O‘zbekistonda filologiya, turkologiya, taʼlim tarixi fanlari va ularning amaliyotga tadbiqlari sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarga jahon olimlarining nazarini qaratish maqsadida, filologiya, turkologiya, dialektologiya, taʼlim tarixi fanlarining dolzarb muammolari bo‘yicha Samarqand shahrida 4 ta Xalqaro ilmiy anjumanlar 20 dan ortiq xorijiy davlatlar olimlari ishtirokida tashkil qilingan va yuqori saviyada o‘tkazilgan.



G‘ofir Hamroyev,

filolog olim (PhD)

17.10.2020 1541