"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til masalasi mavsumiy mavzu emas

Qonun so‘zi - qudratli so‘z. U barchani sergaklantiradi, itoat ettiradi, kishi eʼtiborini tortuvchi kuch bor unda. Ayni paytda unga so‘zsiz bo‘ysunish, uni hurmat qilish talabi ham bor.


Muayyan soha yoxud jabhaga oid qonunlar o‘sha tizimning rivojini taʼminlasa, shunday hujjatlar borki, ular butun bir xalqning ruhiyati, millatning qiyofasini o‘zida mujassam etadi. Prezidentimiz tomonidan imzolangan «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ana shunday muhim hujjat sifatida qabul qilindi. Uning asosida 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilanganishi esa tarixiy hodisa bo‘ldi, desak o‘rinlidir.


Ushbu qonunning yana bir ahamiyatli, ramziy jihati uning aynan Abdulla Qodiriy tavallud topgan kunda imzolanishi bo‘ldi. Bu davlatimiz rahbarining millat tiliga eʼtibori va ehtiromining yuksak nishonasidir. Buning isbotiga o‘tgan yili ham shohid bo‘lgandik. Azim poytaxtimizning “Toshkent city” — Ishbilarmonlar markazidagi muhtasham Kongress xoll anjumanlar saroyi bunyod etilgandan keyin birinchi bor o‘tkazilgan tantanali tadbir 21 oktyabr — “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangandi. O‘shanda Prezidentimiz “21-oktabrni “O‘zbek tili bayrami kuni”, deb eʼlon qilaman”, — deganlarida zalda o‘tirganlarning bari to‘lqinlanib, xursandchiligidan o‘rinlaridan qalqib turib, yuzu ko‘zlaridan nur balqib ketgani hamon yodimda.


Bu tashabbus davlat tiliga nopisandlik bilan qarab kelgan qatlamga qarshi qaqshatqich zarba edi. Ushbu qonun qaysidir maʼnoda, OAV orqali chiqishlardagi eʼtirof va eʼtirozlarga o‘ziga xos mukammal javob ham bo‘ldi.


Millatning ruhi bo‘lgan ona tilidan bebahra qoldirish uni gumroh qilish bilan barobar. Ijtimoiy-maʼnaviy zarurat, ehtiyoj sifatida qaralmagan narsa-hodisalarning bari o‘tkinchiga aylanadi. Bu jamiyatda ijroni paysalga solish, loqaydlik va beparvolik illatlarini shakllantiradi.


Istifoda etilmagan narsa asta-sekin unutiladi. To‘la isteʼmolda bo‘lmagan til o‘limga mahkum.  Shuning uchun ham til masalasida ehtiyoj va zaruriyat nihoyatda muhimdir. Shu o‘rinda buyuk mutasavvuf Jaloliddin Rumiyning quyidagi bitiklari yodimga tushadi: “Yerda bir hayvoncha(qurt) mavjuddir. U yer ostida zulmatda yashaydi. Ko‘z va quloqsiz. Aslida, uning ko‘z va quloqqa ehtiyoji yo‘q. Modomiki, muhtojligi yo‘q ekan, unga nechun ko‘z va quloq bersinlar? Tangri oz bo‘lgani uchun yoki xasislik sababli uni ko‘z va quloqsiz qoldirdimi? Yo‘q! U bularni ehtiyojiga qarab berdi. Ehtiyoji bo‘lmagan kishiga berilgan har qanday narsa ortiqcha yukdir. Biroq tangrining lutfi-karami va hikmati yuk bo‘ladi emas, balki kishi zimmasidan yukni tushiradi. Masalan, duradgorning tesha, arra, bolg‘a kabi ish asboblarini tikuvchiga bersangiz, bular uning uchun faqat keraksiz toshga aylanadi. Shuning uchun ham narsaning ehtiyojiga ko‘ra beradilar".


Davlat tili masalasi millatning qiyofati, ruhi, jon-taniga daxldor ekanini unutmaslikka chaqiradi Rumiy. Davlat tilini ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy sohalarda, boshqacha aytganda, xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida to‘la qo‘llamaslik uning rolini susaytiradi, qiymatini tobora yo‘qota boradi. Agar biz o‘zbek tilida og‘zaki va yozma tarzda to‘la maʼnoda savodxon bo‘lganimizda edi, bunday muammo kelib chiqmagan bo‘lardi. Tan olishimiz kerak, bularning bari “Davlat tili haqida”gi qonunning eskirgani, undagi aniqlik va mukammallik darajasi yetishmasligi hamda qonun ijrosiga panja orasidan qaralgani bilan bog‘liq.


Tilda so‘zlash va tilda fikrlash, degan tushunchalarni avvalo, to‘g‘ri idrok etish kerak. Rus tilining izohli lug‘atini yaratgan isteʼdodli leksikograf Vladimir Dal shunday yozadi: “Na mayl-istak, na diniy ishonch, na ajdodlar qoni insonning u yoki bu xalqqa mansubligini tayin etadi. Kim qaysi tilda o‘ylasa, u o‘sha xalqqa mansubdir. Men rus tilida o‘ylayman”. Vaholanki, Dalning otasi daniyalik, onasi esa olmon bo‘lgan. Demak, taxayyul, tasavvur va tafakkur tarzi ona tilida bo‘lmasa, davlat tiliga munosabat, murojaat ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Buning uchun taʼlim muassasalarida til qoidalarini chuqurlashtirishdan tashqari, o‘quvchilarda fikrni ravon ifoda etish ko‘nikmasi va malakasini hosil qilish lozim. Nazariy filologiya (shu o‘rinda chuqurlashtirilgan grammatikani nazarda tutayapmiz)dan ko‘ra, amaliy filologiyaga o‘tish va uni hayot tarziga aylantirish, o‘quv va ish jarayonlarida to‘la qo‘llashni joriy etish zarur. Uning tartibi va tarkibini zudlik bilan ishlab chiqish kerak.


Qush ham qo‘sh qanoti bilan parvoz qilganidek, savodxonlikning ham ikki qanoti bor. Biri og‘zaki nutq bo‘lsa, ikkinchisi yozma nutq madaniyatidir. Har ikkalasini amaliy tarzda xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonda, hatto, xalqaro maydonda, boshqaruv tizimi va rahbarlik faoliyatida to‘la qo‘llanilishiga erishmas ekanmiz, barisi behuda bo‘lib, gap gapligicha qolaveradi.


Bugun ko‘pchiligimiz til va nutq imkoniyatlaridan to‘la foydalanishni bilmaganimiz bois, muloqot va muomala, so‘zlashuv jarayonlarida nutqiy nuqsonlarimiz yetarli va aytarlidir. Yuqoridagi qonun esa bizning oldimizga bir qator vazifalarni qo‘yishi tayin. Bular internet tarmoqlarida o‘zbekcha kontentlar (Vikipediya, Google), o‘zbek tilidagi veb-saytlar, e-kutubxonalar sonini ko‘paytirish, sifatini oshirish, milliy kino va teatr, madaniy sohada keskin o‘zgarishlar yasash, ko‘cha-ko‘yda, peshtaxtalardagi yozuvlarni tanqidiy ko‘rib chiqish, fikrni emin-erkin va ravon ifoda etish qobiliyatini o‘stirishga doir notiqlik sanʼati va nutq madaniyatini rivojlantirish, imloviy savodxonligimizni oshirish kabilardir. Mazkur islohotlarda ayniqsa, tilchi mutaxassislar, olimlar, shoir-yozuvchilar, ustoz va murabbiylardan faollik talab qilinadi.


Til taktikasi taraqqiyot strategiyasining taʼsirchan va innovatsion mexanizmidir. Omma tushunadigan xalqchil tilda gapirib, ularni istiqbolli maqsad va rejalarimizga ishontira olsakgina, dadil qadamlar bilan oldinga intilamiz. Buning uchun o‘zlikka ega bo‘lishga xalaqit beruvchi omillarga loqayd bo‘lmasligimiz kerak.


Insonning o‘zligi uchun ko‘zgu — bu uning so‘zligidir. Odamning kimligini bildiruvi oynai jahoni ham uning tili. Insonning ikki og‘iz so‘zidanoq uning ongi, saviyasi, bilimi, qiziqish olami, tabiati va tiynatini anglab olish qiyin emas. Xalqimizning “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar”, degan maqoli zamirida ham ana shu haqiqat yashirin. Shunisi aniqki, til masalasi mavsumiy mavzu emas, har damda, har qadamda biz unga ehtiyoj sezamiz.


Dunyo aholisiga tashvish keltirib, xavf solayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash va chora-tadbirlar ketayotgan ayni damda ularni hal etish barobarida, diqqat-eʼtiborini davlat tili masalasiga qaratgani ham yurtboshimizning elparvarlik va tilparvarligi nishonasidir. Tilning chin maʼnoda xalq g‘ururi va iftixoriga aylanishi uning millat sifatidagi o‘rni, rutbasi va nufuzini bildiruvchi mezondir. BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahbarining o‘z ona tilida so‘zlashi dunyo xalqlari tasavvuri va tafakkurida mamlakatimiz mustaqilligini tan olishi va qayta iqror bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Turkiyada chop etiladigan “Jumhuriyat” gazetasi o‘zining 21-sentabr sonida «O‘zbek tili BMTda» sarlavhali maqolani eʼlon qilishi ham dunyo mamlakatlarining xalqimiz va yurtboshimizga hurmati yana bir qadar oshganining kafolatidir. Shuningdek, Afg‘oniston o‘zbeklari rahbari marshal Abdurashid Do‘stumning “BMT tarixida ilk marotaba mustaqil O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Men bundan shaxsan o‘zim o‘zbek o‘g‘loni va afg‘onistonlik o‘zbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir. O‘zbek tilida so‘zlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik O‘zbekiston ahlini, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afg‘onistondagi o‘zbeklarni ham chin maʼnoda g‘ururlantirdi", - degan fikrlari do‘stlik va hamkorlikning mustahkam zaminga qurilayotganini bildiradi.


Qolaversa, o‘zligini anglagan, jahonga yuz tutgan, jahon tanigan va tan olgan mamlakatimiz chinakam maʼnoda “Uchinchi renessans” davriga qutlug‘ qadamini qo‘yganining nishonasi ham bu.


Bugun ongu tafakkuri o‘zgargan xalqimizning o‘zligini belgilaydigan ona tiliga munosabati butunlay o‘zgacha. Bu borada Prezidentimiz tomonidan imzolangan yangi qonun endilikda, ona tilimizni yanada rivojlantirish, uning ajib va noyob ohanglarini boyitishga, bu til zamirida qanchadan-qancha boyliklar yotganligini ochib berishga har birimiz hissa qo‘shishimiz zarurligiga chaqiruvchi hujjat hamdir. Zero, istiqbolda farzandlarimiz, do‘stlarimiz, millatdoshlarimiz ham bir-birlari bilan sof o‘zbek tilida gaplashishlari — bu chinakam baxtku!


Rahimboy JUMANIYOZOV,

Toshkennt irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini 

mexanizatsiyalash muhandislari instituti dotsenti,

“Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi

19.10.2020 713